RUS    ENG   

       
Bosh sahifa
Prezident qarori
Yubiley tabriklari
Bizning tariximiz
Fotogallereya
OAV biz haqimizda
Yangiliklar
O`zMU sayti
 

2008-yilning 9-aprelida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universitetining 90 yilligini nishonlash to'g'risida’’gi farmoni e'lon qilindi.

2000-yilning 28-yanvarida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga ko'ra universitetga milliylik  maqomi berildi.

Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti boy tarixga ega. O'zMU 90 yil davomida mumtoz universitet maqomini saqlab kelmoqda. U O'rta Osiyo va butun Markaziy Osiyo hududidagi ilmiy-o'quv va madaniy-ma'rifiy markaz sanaladi. O'tgan yillar mobaynida universitet fan va ta'lim sohasida o'zining munosib o'rnini egalladi va u bugun Respublikaning yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash bo'yicha e'tirof etilgan yetakchi oliy o'quv yurti hisoblanadi.

Universitet 38 yo'nalish, 88 mutaxassislik, 78 aspirantura va 25 doktorantura ixtisosligi bo'yicha kadrlar tayyorlaydi.

Hozirgi vaqtda universitetda 11000 dan ortiq talaba, 19 ta doktorant, 220 nafar aspirant tahsil oladi. 156 ta tadqiqotchi ilmiy izlanish olib boradi. O'quv jarayoni nufuzli professor-o'qituvchilar jamoasi: 225 nafar fan doktori va professorlar, 275 nafar fan nomzodi va dotsentlar, 211 nafar katta o'qituvchi, 219 nafar o'qituvchi va assistentlar tomonidan amalga oshiriladi. O'zMUda 21 nafar akademik ilmiy-pedagogik faoliyat olib boradi.

Universitet tizimida 13 ta fakultet (huquqshunoslik, falsafa, tarix, iqtisodiyot, o'zbek filologiyasi, xorijiy filologiya, jurnalistika, biologiya-tuproqshunoslik, mexanika-matematika, fizika, kimyo, geologiya, geografiya), ITI va professor-o'qituvchilar malakasini oshirish instituti (OPI), muzey, 95ta kafedra, botanika o'quv-ilmiy bazasi, 3 milliondan ortiq kitob fondiga ega ilmiy kutubxona, 8 ta zamonaviy talabalar  turar joylari, sport maydonchalari, suv sporti saroyi bor.

Ilmiy tadqiqot va darslar muzeylarda, amaliyot o'quv-ilmiy bazalarida, laboratoriyalarda, ilmiy tadqiqot institutida, O'zMU qoshidagi malaka oshirish markazi-Oliy pedagogika institutida olib boriladi.

Universitetda «O'zMU axborotnomasi» ilmiy jurnali, «O'zbekiston Milliy universiteti» ko'p tirajli gazetasi nashr qilinadi, internet tizimida maxsus veb-sayt (www.nuu.uz) faoliyati yo'lga qo'yilgan.

Universitetning o'z nashriyoti, bosmaxonasi, axborot markazi bor. Jurnalistika fakulteti qoshida teleradiostudiya, fotostudiya faoliyat ko'rsatadi, «Jurnalist» gazetasi chiqadi, «Jurnalistika masalalari» almanaxi muntazam nashr etiladi.

So'nggi 5 yil ichida universitetda 60 dan ortiq darslik, 350 ta o'quv qo'llanma, 200 ta o'quv-uslubiy qo'llanma chop etildi. Boshqa oliy o'quv yurtlari olimlari bilan hammualliflikda turli nashriyotlarda 200 dan ortiq darslik va o'quv qo'llanmalar nashr qilindi.

Universitetning axborot-resurs markazi elektron katalog orqali erkin kirish mumkin bo'lgan boy elektron adabiyotlar fondiga ega. Barcha fakultetlarning o'quv auditoriyalari, ilmiy laboratoriyalari zamonaviy jihozlangan.

Moskva davlat universiteti, Sankt-Peterburg davlat universiteti, Rossiya davlat gidrometeorologiya instituti, Okeanologiya instituti, Omsk davlat universiteti, Ryazan shahridagi Ost-Lazer markazi, shuningdek, Rossiya Federatsiyasining boshqa ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan  birgalikda ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Fransiya, Belgiya, Chexiya, Germaniya, Xitoy o'quv markazlari, ilmiy muassasalari bilan ko'p yillik xalqaro aloqalar o'rnatilgan va izchil rivojlanmoqda.

Universitet bitiruvchilari orasida O'zbekiston Qahramonlari-O.Sharafiddinov, E.Vohidov, A.Oripov, shuningdek, bir qator xizmat ko'rsatgan fan arboblari, davlat mukofoti sovrindorlari bor. «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlangan, ko'zga ko'ringan olimlar faoliyat ko'rsatadi.

So'nggi besh yil ichida iqtidorli talabalardan 20 tasi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, 12 tasi-O'zbekiston Repsublikasi Prezidenti stipendianti, 6 tasi-Ulug'bek, 11 tasi-Navoiy nomidagi stipendiya sohiblari bo'ldi. Aspirant va doktorantlar orasidan bir nafari «Shuhrat» medali, ikki nafari «O'zbekiston belgisi» ko'krak nishoni bilan taqdirlangan. Universitetda «O'zMU stipendiyasi», Sa'di Sirojiddinov, Toshmuhammad Sarimsoqov, Obid Sodiqov, Sodiq Azimov, Ubay Oripov, Habib Abdullayev, G'ulom Karimov, Ibrohim Mo'minov kabi olimlar nomidagi stipendiyalar ta'sis etilgan.

Universitetning 90 yillik yubileyiga bag'ishlangan tadbirlar Yoshlar yili Davlat dasturi vazifalari bilan muvofiqlashtirilgan. Fotoalbom taqdimoti, universitetning yangi muzeyi ochilishi, qadimiy va nodir kitoblar ko'rgazmasini tashkil etish rejalashtirilgan.

«Yoshlik» talabalar shaharchasi Ma'naviyat va ma'rifat markazida hamda Toshkent shahrining barcha oliy o'quv yurlarida «O'zbekiston Milliy universiteti-fan va maorif markazi» sayyor lektoriyasi o'tkazilishi rejalashtirilgan. Fakultetlarda «Ikki avlod uchrashuvi», «Ta'lim jarayonini takomillashtirishning dolzarb muammolari» ilmiy-amaliy konferensiyasi, ko'plab madaniy tadbirlar, o'qituvchi va talabalar jamoalari o'rtasida sport musobaqalari o'tkazish rejalashtirilgan.

Shu yilning avgust oyida «Mamlakatimiz oliy ta'lim tizimi va ilm-fani rivojida O'zbekiston Milliy universitetining roli» mavzuida xalqaro konferensiya; sentabrda respublikamizdagi barcha oliy o'quv yurtlari talabalari ishtirokida «Yoshlar-bugungi va ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchidir» shiori ostida talabalar festivali o'tkazilishi rejalashtirilgan.

Hozirgi kunda O'zbekiston Milliy universiteti professor-o'qituvchilar va xodimlarning yuksak intellektual salohiyatiga hamda kuchli ilmiy tadqiqot bazasiga ega bo'lgani holda o'zining ta'lim sohasidagi vazifasini munosib darajada bajarib kelmoqda.

 
© 2008,  The National University of Uzbekistan
info@nuu.uz
Wed 17th of March 2010 11:37 am